BU – IMKONIYATLAR DAFTARI

BU – IMKONIYATLAR  DAFTARI

Farg‘ona shahar, “Alisher Navoiy” MFYda yashovchi Nodirbek Boymatov ishsizligi sabab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Daftar unga o‘zi qiziqqan haydovchilik sohasiga o‘qish imkoniyatini berdi. U yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magi bilan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida bepul tahsil olib, “BC” toifadagi haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritdi. Endi Nodirbek mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanishi va daromadga ega bo‘lishi mumkin.

Azimjon Umaraliyev Oltiariq tumani, “Mirfozil” MFYda istiqomat qiladi. Muqim ish joyiga ega bo‘lmagan, asosan, tomorqa ishlari bilan shug‘ullanib keladigan yigit “Yoshlar daftari”ga olindi. Uning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun ko‘maklashish maqsadida minitraktor taqdim qilindi. Zamonaviy mehnat quroliga ega bo‘lgan Azimjonning ish unumdorligi oshdi. O‘z tomorqasidan bo‘shagan paytlarida mahalladoshlaridan tushgan buyurtmalarni ham bajonidil bajarmoqda.
— Bolaligimdan tikuvchilik va dizaynerlik sohasiga qiziqaman, — deydi Uchko‘prik tumani Usmonbek qishlog‘ida yashovchi Zuhraxon Abdullayeva. – Oilaviy sharoitim taqozosi bilan mustaqil faoliyat yuritolmay kelardim. “Yoshlar daftari”ga kiritilganimdan so‘ng orzuimga yetishdim. Menga tikuv mashinasi berilgach, kattalar va bolalar uchun kiyim-kechaklar tikishni boshladim. O‘z ishimga ega bo‘lib, oilamga ko‘mak berayotganimdan xursandman. Kelgusida imtiyozli kredit asosida yangi uskunalar sotib olish va faoliyatimni yanada kengaytirish niyatidaman.
“Yoshlar daftari” – imkoniyatlar daftari ekanligiga o‘z taqdirimiz misolida guvoh bo‘ldik”. Bu so‘z-lar – hayotda o‘z ishi, muqim daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun ko‘mak berilib, doimiy e’tibordan bahramand bo‘layotgan yoshlar iqrori. Ular kabi minglab yoshlar “Yoshlar daftari” sabab hayotidagi o‘zgarishlardan mamnun bo‘layotir.