YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI AVLODI munosib bo‘y ko‘rsatmoqda

YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI AVLODI munosib bo‘y  ko‘rsatmoqda

Orzu – hayotdan murod, taqdirga nur, yurakka taskin, aslida. Uni mahkam tuta olganlar, unga ergasha olganlar, uni mayoq qilib intilganlar g‘oliblardir, shaksiz. Yurtboshimiz tomonidan “zamonamizning yosh qahramonlari” deya e’tirof etilib, yuksak ishonch va rag‘batga munosib ko‘rilgan o‘g‘il-qizlar, ana shunday muzaffar yoshlar orasida Temurbek Adhamov ham bor.

Quva tumanida tavallud topib, 2015-2019-yillarda Toshkent Islom universitetida tahsil olgan Temurbek Adhamov ilm olishga, tashabbus ko‘rsatishga, oliy maqsadlar yo‘lida astoydil izlanishga o‘rgangan. Dastlab “Vaqf” xayriya jamoat fondida faoliyat olib borgan yosh ilm sohibi “Najot ta’lim” o‘quv markazini tashkil etdi. Respublika yoshlari e’tiboriga tushgan “Osmondagi bolalar” loyihasiga asos soldi. O‘zining ilmi, salohiyati, tirishqoqligi, intilishlari bilan ma’lum muvaffaqiyatlarga erishgan yoshlarni keng ommaga namoyish etishni maqsad qilgan mazkur loyiha munosib e’tibor qozondi. Temurbek loyiha muallifi sifatida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ilm-fan, sport, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniyat, innovatsiyalar, tibbiyot kabi yo‘nalishlarda mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan, o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, yetakchilik qobiliyatiga ega ijtimoiy faol, ijodkor va tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Tahsin” milliy mukofoti bilan taqdirlandi.
— Maqsadim — millionlab o‘g‘il-qizlarning ilmli bo‘lishiga, bu orqali ularning o‘zi va hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishlariga sababchi bo‘lish. Ishonamanki, ilmga muhabbat hamma zamonlar, hamma mezonlar tarozisiga qo‘yilsa ham, ustunlik u tomonda. Ilmsizlik –qashshoqlik, shubhasiz. Bugun jamiyatimizda, yon-atrofimizda bir necha tillarda erkin so‘zlasha oladigan, axborot texnologiyalari mohiriga aylangan, ilmiy, ijodiy izlanishlari, mardona qadamlari bilan jahonga yuz tutayotgan tengdoshlarimiz, do‘stlarimiz safi ortib borayotgani mamlakatimizda ilm va unga e’tiborning g‘alabasi emasmi?! Demak, Yangi O‘zbekistonning yangi avlodi munosib bo‘y ko‘rsatmoqda.
Mulohazalari, hayotiy xulosalari teran, baland orzulari sari osmoncha shijoat bilan qo‘l cho‘zadigan yurt o‘g‘loniga bir ezgu murod hamisha yo‘ldosh: bu millat avlodlari shunchaki yashab o‘tmasligi, yonib, dunyoga intilib, dunyodan o‘zib yashamog‘i shart.