GLOBAL HARAKATLARGA YOSHLARNI JALB QILISH — MUHIM MASALA

GLOBAL HARAKATLARGA YOSHLARNI JALB QILISH — MUHIM MASALA

Poytaxtimizda joriy yilning 12-13-avgust kunlari «Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish» mavzusidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. Xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusi asosida tashkil etilgani barchamiz uchun faxrlanarlidir. Ushbu g‘oya O‘zbekistonning yoshlar huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan sodiqligini tasdiqlaydi.

Butunjahon anjumanda 30 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan vakillar, ekspertlar, olimlar, huquqshunoslar, yoshlar masalalari bo‘yicha mutasaddilar ishtirok etdi. Konferensiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan 12- avgust – Xalqaro yoshlar kunida o‘tkazilgani e’tiborga molik. Unda Farg‘ona yoshlari vakili sifatida ishtirok etib, O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilish haqida ilgari surilgan tashabbus nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki jahon yoshlari uchun ham ahamiyatli ekanligiga guvoh bo‘ldim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangilanayotgan O‘zbekistonni barpo etishda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ta’limga yoshlarni qamrab olish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladilar. Yurtboshimiz tomonidan yoshlar manfaatlarini himoyalash borasidagi ezgu tashabbuslar BMT tomonidan e’lon qilingan g‘oyalar, qabul qilinayotgan muhim hujjatlarga uyg‘unligi e’tirof etildi. Birgina, 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingani buning yorqin isbotidir. Joriy yil mamlakatimiz yoshlari, ehtiyojmand oilalar manfaatlarini himoyalash, ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirish, qamrovini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularning amaliy ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Anjumanda mamlakatimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab ezgu tashabbuslar ilgari surilgani yuqori baholanib, O‘zbekistonning bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun namuna bo‘lgani qayd etildi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan yoshlarning huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Anjuman yakunida Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinishi dunyo yoshlari hayotida ulkan voqelik bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan nufuzli anjumandan kutilgan eng katta maqsadlardan biri — shu, aslida.

Muzaffar MAMATQULOV,
O‘zbekiston Yoshlar ishlari
agentligi viloyat boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i.