Yoshlar sahifasi

Yoshlar sahifasi

Mukofotlanganlar haqida so‘z

«VATANIMNING BIR PARCHASIMAN»

«Butun dunyo men yaratgan kulolchilik mahsulotlarini ko‘rganda, yurtimni ko‘r-ganday bo‘lishi, bundan zavqlanishi uchun intilaman”

Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, yangi O‘zbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizning 29 nafari davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra «Mard o‘g‘lon» Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Ular orasida rishtonlik kulollar sulolasining davomchisi, Farg‘ona davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Temurbek Haydarovning borligi barcha farg‘onaliklarni, ayniqsa, yosh hunarmandlarni behad quvontirdi.
– Kulolchilikni 12 yoshimdan boshlaganman. Birinchi marta mustaqil loydan piyola yasab, ota-onamga ko‘rsatganimda xursand bo‘lishgani esimda. Otam, Rishton tumanidagi mashhur kulollarning biri Tohirjon Haydarov meni mohir usta Odiljon Ne’matovga shogirdlikka berdi. Sharofiddin usta Yusupovdan ham kulolchilikning ko‘plab sir-sinoatlarini o‘rgandim.
Uyimizda kutubxona tashkil qilganmiz. 2000 dan ortiq badiiy kitoblar bor. Men tanlagan soha badiiy ijod bilan bog‘liq. O‘y-tasavvurga berilmagan ijodkor qalbida yangi g‘oya tug‘ilishi qiyin. Mening mahsulotlarimga g‘oya esa, albatta, badiiy kitoblar orqali tug‘iladi.
Bizning eng katta boyligimiz, mehnatimiz manbayi Rishtonning kulolchilikka mos bo‘lgan bebaho tuprog‘idir. Men yasagan kulolchilik mahsulotlariga igna bilan ishlov beriladi. Ko‘proq laganlarga mashhur shoirlarning suratlari yoki g‘azal, she’rlaridan namunalarni igna orqali chizib, so‘ng uni olovda pishirgandan so‘ng rang beraman. Bu usul juda uzoq mehnat talab qiladi. Masalan, bitta laganga igna bilan surat chizganda eng kamida bir hafta-o‘n kun vaqt sarflanadi. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xiva xonligi, Qo‘qon xonligi shajaralarini yarim metrli laganlarga chizib, uy-muzeyimizda saqlayapmiz.
Izlanishlarim munosib samaralarini bermoqda. Joriy yilning iyun oyida respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasida «Amaliy san’at ashyolarida ishlash» yo‘nalishi bo‘yicha sovrindor bo‘ldim. Ispaniyada «Dekorativ hunarmand» yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. O‘tgan yili Italiyada bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovda esa «Badiiy kulolchilik» nominatsiyasi bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlandim. O‘nlab davlatlarda bo‘lib, o‘zbek kulolchiligi muxlislari ortib borayotganini ko‘rdim. 2019-yil Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida Turkiya va Turkmanistondan tashrif buyurgan ijodkorlar bilan hamkorlik o‘rnat-
dik.
Vatanim tuprog‘idan yasalgan, san’at, ijod va mehnat uyg‘unligida yaratilgan yuzdan ortiq turdagi kulolchilik mahsulotlariga dunyo e’tiborini qaratish, xalqaro maydonda Rishton kulolchiligining yangi brendini yaratishni maqsad qilganman.
Muhtaram Yurtboshimizning ishonchi va e’tibori ramzi sifatida ko‘ksimga “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti qadalar ekan, bu oliy maqsadim yanada jo‘sh urdi, shijoatim yuksaldi.

 

 

Sening farzandlaring, Vatan!

SHOHRUHBEK – 3 TA XALQARO OLIYGOH TALABASI

Shuningdek, AQShda ta’lim olishi uchun 132 000 AQSh dollari miqdorida grant sohibi bo‘ldi

– “Yoshligingni asra! Dunyoda undan yaxshi palla yo‘q. Undan qimmatli narsa ham yo‘q. Yoshligingni xuddi oltin kabi istagan narsaga ishlatishing mumkin”. Maksim Gorkiyning ushbu so‘zlari menga kuch berishi bilan birga, muhim eslatma sifatida qadrlidir, – deydi O‘zbekiston tumanilik iqtidorli o‘quvchi Shohruhbek Rustamov. Uning bugun erishgan yutuqlari shijoat va g‘ayratga to‘la yoshlik yillaridan qay darajada unumli foydalanayotgani isbotidir.
Tumandagi 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-inter-
nati bitiruvchisi AQShning Wedinar universiteti, Toshkentdagi Cambridge International University va Singa-pur menejmentni rivojlantirish insti-tutlarining yangi o‘quv yili uchun qabul imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Shuningdek, AQShda ta’lim olishi uchun 132 000 AQSh dollari miqdorida grant sohibi bo‘ldi.
Bolalikdan ilm olishga, ko‘p kitob o‘qish, xorijiy tillarni mukammal o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq yosh bilimdon o‘quvchini shunday natijalar sari yetakladi. Ingliz tili o‘qituvchisi Jahongir Ergashev ko‘magida til o‘rgangan Shohruhbek bu yil IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdi, bir necha marotaba fizika va matematika fanlari bo‘yicha respublika fan olimpiadalarida g‘oliblar safidan o‘rin oldi.
– Maktab-internatimizda men kabi muddatidan ilgari talabalik baxtiga erishgan tengdoshlarim ko‘p, – deydi u. – O‘zim va ularning misolida puxta bilim egallash va oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lish uchun qo‘shimcha kurs va mashg‘ulotlarga qatnash muhim emasligi, aslida maktab ta’limidan unumli foydalanib, o‘z ustimizda tinimsiz ishlashimiz kerakligini angladim. Ustozlarim, ota-onamning ishonchini oqlash – ulkan baxt.

Dilnoza ZaylobidDinova.

 

Ishonchga munosib bo’laylik

YURTIMIZ ISTIQBOLI, YORUG‘
KELAJAGIMIZ BUNYODKORLARI

Yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or innovatsion shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ishtirok etib, nutq so‘zlaganlari barchamizning hayotimizda tarixiy voqelik bo‘ldi.
Toshkent Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tgan “Uchinchi Renessans bunyodkorlari” shiori ostidagi forumda Prezidentimiz misli ko‘rilmagan tashabbuslarni, biz sira kutmagan yangiliklarni aytib o‘tdi.
O‘zbekistonda yoshlarni bilimli va malakali qilib tarbiyalash, jahon standartlariga mos keluvchi ilg‘or kadrlar etib yetishtirish uchun puxta o‘ylangan uzoq muddatli izchil tizim amalga oshirilmoqda. Forumda ham oldimizda turgan dastlabki islohotlar sifatida maktabgacha ta’lim tizimidan tortib, oliy ta’lim, fan, madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalargacha tubdan isloh qilishga qaratilgan vazifalar aytib o‘tildi.
Jumladan, yangi o‘quv yilidan 22-28 foizli 3 yillik ta’lim krediti 14 foizga tushirilib, 7 yilga beriladigan bo‘ldi. Kreditni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar esa soliqdan ozod qilinadi. Dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratilib, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, shuningdek, yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinishi yoshlarga katta ko‘mak bo‘ladi.
Prezidentimiz tomonidan “Temir daftar”ga kirgan oilalarning yangi turmush qurayotgan farzandlariga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy tiklashi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Bu kabi imkoniyatlarning barchasi yurtimiz egalari bo‘lgan yoshlarning hech kimdan kam bo‘lmay o‘sib-ulg‘ayishi, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zamin yaratadi.
“Bizning tomirlarimizda ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir”, dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.
Prezidentimiz mukofotlangan o‘g‘il-qizlarni “zamonamizning yosh qahramonlari”, deb atadi. Bu yil Yoshlar kuni arafasida davlatimiz rahbari tomonidan yuksak orden va medallar bilan taqdirlangan yigit-qizlar orasida Xurshid Normatov, Olloyor Abdurazzoqov, Mardonxo‘ja Muxtorov, Sardor Hakimov, Mavsim Umarov singari o‘nlab farg‘onalik yoshlarning borligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishladi.
Yoshlar mamlakat taraqqiyoti modeliga aylanib borayotgan bugungi kunda Yurtboshimizning e’tibori va rag‘batidan kuch olgan, yangi tashabbus va maqsadlar sari qadam qo‘yayotgan yosh avlod yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkori, degan e’tirofga munosib mehnat qilishi shart. Zotan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, yoshlikdagi kuch-g‘ayratni el-yurtiga baxsh etgan yigit-qizlardan Vatan ham, xalq ham, yoshlikning o‘zi ham rozi bo‘ladi.

Elyor XUDOYBERDIYEV,
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari,
“Shuhrat” medali sohibi.