Press "Enter" to skip to content

DASTURCHI TALABANING YANGI LOYIHASI

Dasturchilik – jahon miqyosida juda qadrlanadigan, anchagina daromadli kasbga aylanib bormoqda.

Farg‘ona politexnika institutining iqtidorli talabalari esa veb-dasturlar yaratish borasida yaxshigina tajribaga ega. Institutning mashinasozlik fakulteti 3-bosqich talabasi Boburbek Botirov ham ana shunday zamonaviy bilimlarni egallayotgan yoshlardan biri. U ingliz, rus tillarida ravon so‘zlashishi bilan birga aynan shu tillarda bemalol veb-dasturlar yarata oladi. Uning loyihalaridan biri – FESIA (Fergana electronics software Industry assosiations) platformasidir.
Yosh dasturchi hozirda ish olib borayotgan yangi loyihasi haqida so‘zlab berdi:
— Institutimizda ko‘plab loyihalar yaratish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Men ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib kelyapman. “Smart uy” loyihasi bilan mobil yoki kompyuter qurilmalar orqali uyning har qanday qismini boshqarish mumkin bo‘ladi. Masalan, men yaratgan platformani telefonga o‘rnatish orqali xonadon egasi uyda bo‘lmay turib, uning haroratini nazorat qilish, eshiklarini ochib-yopish, lampochkalarni yoqib-o‘chirish ishlarini telefon orqali amalga oshirishi mumkin.
Haqiqatan, bugungi kunda hayotimizni turli xil ilovalarga ega smartfonlar, agregatorlar, onlayn xizmatlar va boshqa bir dunyo innovatsion texnologiyalarsiz tasavvur qila olmaymiz. Bu kabi kashfiyotlar esa Bobur Botirovdek iqtidorli va yosh dasturchilarning qo‘li bilan yaratilmoqda.

Ulashing: