Press "Enter" to skip to content

Loyga ishlov berishning zavqi o‘zgacha

Kulolchilik bilan shug‘ullanishni boshlaganimda 12 yosh edim. Bolalarcha qarashlar bilan o‘zim uchun piyola yasaganman. Tuproqdan buyum yasash jarayoni juda qiziqarli edi. Maroq bilan ishlaganimni ko‘rgan otam mamnunlik bilan yelkamni qoqib qo‘ygani yodimda.

Otam Tohirjon Haydarov Rishton tumanidagi mashhur kulollar sulolasining vakili. Yuzlab shogirdlar yetishtirgan. O‘zining kulolchilik maktabiga asos solgan. Shunga qaramay, meni usta kulol Odiljon Nig‘matovga shogirdlikka berdi. O‘zimga nisbatan ishonch paydo bo‘lishi, mustaqil ish yuritadigan bo‘lishimni istadilar, nazarimda. Sharofiddin usta Yusupovdan ham kulolchilikning ko‘plab sir-sinoatlarini o‘rgandim. Lekin doimo otamning ijodiy ishlarini mehr bilan kuzatib, ulardan saboq olardim.
Yasagan kulolchilik namunalarimga igna bilan ishlov beraman. Mazkur yo‘nalishda yaratilgan san’at asarlarim Angliya, Italiya, Ispaniya, Turkiya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda yuksak baholandi.
Uyimizga kelgan mehmon – xorijlik sayyohmi yoki respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yurtdoshimiz bo‘ladimi, kulolchilik buyumlari yasashning bevosita guvohi bo‘ladi. Loyga ishlov berilishidan boshlab, turli shakllarga kirib, asl sifatiga ega bo‘lgan davrigacha kuzatib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ish jarayonida yangi naqsh turlari, betakror ijod namunalarini yaratishga harakat qilaman. Yaqinlarimdan maslahat so‘rayman. Kitoblar mutolaa qilaman. Hunarmandlar ijodini kuzatib boraman. Albatta, ijodkorlik, kreativ yondoshuv hunarmandning ustun jihatlaridan biri. Asrlar osha bizgacha yetib kelgan milliy hunarmandchilikka zamon nafasi bilan sayqal berish, jozibadorligini oshirish, jahon bozori talabi darajasiga yetkazish izlanishlar natijasida dunyoga keladi. Saxovatli zaminimiz esa menga doimo kuch-quvvat beradi.
Temurbek HAYDAROV,
Farg‘ona davlat universiteti talabasi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi.

Ulashing: