Press "Enter" to skip to content

Kitob javoningizga

“Buvamning oshqozonidagi mamlakat”

Yosh ijodkor Qobiljon Shermatovga nisbatan “havaskor” so‘zini ishlatishdan o‘zimni tiyaman. To‘g‘ri, u matbuotda she’rlari, maqolalari bilan peshma-pesh ko‘rinish beravermaydi. Tinmay ijod qilsa ham, ularni e’lon qilishga shoshilmaydi. Yozganlarini tajribali ustozlarning nazaridan o‘tkazish, pishiq asar yaratish ijodkorning birinchi maqsadi bo‘lishi kerakligini yaxshi biladi. Shu bois, uning yozganlari tez nazarga tushmoqda, kitoblari sevib o‘qilmoqda, nufuzli tanlovlarda yuqori o‘rinlarga, rag‘batlarga sazovor bo‘lmoqda.

Qobiljon sodda, ravon tilda yozadi. Uning “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” kitobini o‘qib, taassurotlarim bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim.
“Akademnashr” nashriyotida chop etilgan kitobni o‘qir ekansiz, beixtiyor asar qahramonlariga bog‘lanib qolasiz. Ular fantastik to‘qimalar emas, atrofimizdagi sho‘x va quvnoq bolalar. Bahodir bilan Baxtiyorning xarakteriga xos fazilat va qusurlar hamma zamon bolalarida bo‘lgan. Muallif muqaddimada yozganidek, asar bolaligida bir marta bo‘lsa ham maktab sumkasini ko‘targan bolalarga bag‘ishlanadi.
Nurbek Zig‘irbek, Oftob Payvasta, Uchqun Gulxaniy, Uchqun Charog‘on kabi qahramonlarning mehribonligi, jasurligi, favqulodda qat’iy tartib-intizom himoyachisi ekanligi o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Oshqozon shahri, Yurak shahriga sayohatlar yo‘nalishi bo‘ylab turli sarguzashtlarni kitobxon diqqatini susaytirmasdan o‘qiydi. Muallif asarda bugungi kunning eng dolzarb masalalarini ham qalamga olishni unutmaydi. Jumladan, spirtli ichimliklarning inson salomatligiga jiddiy xatar ekanligini nihoyatda sodda tilda tushuntirib beradi.
Shuningdek, bugun biz qat’iyat bilan kurashayotgan korrupsiya oqibatlarini Qobiljon bolalar hayotida uchraydigan oddiy misollar orqali ifodalab beradi. Masalan, Bahodir va Baxtiyor eng bilimdon o‘quvchilar tahsil oladigan maktabda atigi bir marta ko‘chirmakashlik qilgani tufayli ko‘zi ma’lum muddatga ojiz bo‘lib qolishi, yolg‘on gapirgani uchun soqovga aylanishida olamshumul g‘oya yo‘qdek tuyulishi mumkin. Lekin, bu odat yaxshilikka olib kelmasligini asar bosh qahramonlari tushunib yetadi. Do‘ppini bir chetga qo‘yib, mulohaza qilsak, poraxo‘r birdaniga tamagir bo‘lib qolmaydi. Ayni shunday kichkina voqealar oqibatida unda jinoyat illatlari shakllanadi. Qobiljon uka va singillarini shulardan ogohlantiradi. Ularning hayotida ham shunday hodisalar ro‘y berganda qanday yo‘l tutish zarurligini, har bir fanni sidqidildan o‘rganish kerakligini ta’kidlaydi.
Yosh ijodkor asarda tabiatning go‘zal manzaralaridan ham unumli foydalanadi. Akasining ixtiro etgan sirli suvini ichib qo‘yib, burganing burniday bo‘lib qolgan bolakayning boshidan kechirganlariga, bobosining oshqozonida sirli mamlakat borligiga har qaysi o‘quvchi beixtiyor ishonadi. Qisqasi, kitobni qo‘lga olgan kitobxon asardan ibratli xulosa, zavq oladi.

Madaminjon SOLIJONOV.

Ulashing: