Yoshlar sahifasi

Yoshlar sahifasi

Hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi
Islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi


Viloyat Tadbirkorlar uyida boʼlib oʼtgan hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi fargʼonalik oʼgʼil-qizlarni oʼylantirayotgan masalalar yechimiga qaratildi. “Yoshlar – islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi” shiori ostidagi muloqot ochiq va samimiy ruhda oʼtdi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Аdliya vazirining oʼrinbosari Muzrav Ikromov, Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʼrinbosari Farhod Toshpoʼlatov, Davlat test markazi rahbari Majid Karimov va Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Аkmal Jumaboyev ishtirok etishdi.
Tuman-shaharlardan kelgan yosh-lar vakillari hududlarda, xususan, mahalla va taʼlim muassalarida hal qilinmay kelinayotgan masalalar bilan mutasaddilarga yuzlanishdi. Ularning tadbirkorlikka koʼmaklashish, imtiyozli kredit olish, oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun imtiyozlar, joylarda kitobxonlik markazlarini tashkil etish, yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash, shuningdek, fuqarolikni belgilash, tibbiyot turizmini keng targʼib etishga sharoit yaratish kabi yoʼnalishlarda taklif, loyiha va fikr-mulohazalari tinglandi.
Quvalik Sarvinoz Saksonova tu-
mandagi ishsiz yoshlarning 12 foiz-
dan ortigʼi oliy maʼlumotli mutaxas-sislar ekanligi, 600 nafardan koʼp-roq ishsiz yigit-qizni moliyaviy qoʼllab-quvvatlanishi bandlik boʼlimi tomonidan eʼtiborsiz qoldirilayotganini tanqid qildi. Muhammadyusuf Erkaboyev — Yoshlar ittifoqi boshlangʼich tashkiloti sardori, u tizimda jamoatchilik asosida mehnat qilayotgan yoshlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha takliflarini bildirdi. Rishtonlik Ilhom Toʼraev hududdagi Choʼngʼara anklav qishloq yoshlari uchun imtiyozlar joriy etilishini soʼradi. Uchkoʼprik tumanilik yosh sportchi Ravshan Mamajonov 5-oʼrta taʼlim maktabida zamonaviy sport inshootini davlat-xususiy sherikchilik asosida bunyod etish istagida ekanligini aytdi. Margʼilonlik Islomjon Yunusov ham yosh tadbirkor. U imtiyozli kredit olish uchun 1, 5 yildan beri sarson. Ular kabi 50 nafardan ziyod yoshlar muammolar yechimi uchun koʼmak soʼradilar.
— Savdo-sanoat palatasi tomonidan kasb-hunarga oʼqitilib, sertifikat olgan 670 nafardan ortiq farg’onalik yoshlarning 48 nafari tumanimizda istiqomat qiladi, — deydi Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi Soʼx tumani Kengashi raisi Ravshan Komilov. — Ularga 3 yilga 6 oylik imtiyozli davr bilan 14 foizlik kredit ajratilishi boʼyicha hal etilmay turgan masalaga shu kunning oʼzida oydinlik kiritildi va bu borada hech qanday toʼsiq boʼlmasligi aytildi.
Erkin minbardan turib, oʼz takliflarini oʼrtaga tashlagan yoshlar har bir murojaat yuzasidan shaffof xulosa berilgani, ularning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, bandlikni taʼminlashga qaratilgan faoliyati toʼla qoʼllab-quvvatlanganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Sherzod QORАBOYEV
olgan suratlar.

Delegatlar fаrg’onаdа jаm bo’lishdi
Bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam Prezidentimiz boshchiligida oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida yoshlarimizga boʼlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʼnikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari oʼrtasida kitobxonlikni keng targʼib qilish kabi masalalar alohida taʼkidlangan edi. Oʼshanda davlatimiz rahbari yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʼyicha 5 muhim tashabbusni ilgari surgandi.
O’tgan vaqt davomida yoshlarimiz orasida keng quloch yoygan ushbu tashabbuslar maʼnaviy, jismoniy va aqliy barkamol yoshlarni kamolga yetkazish barobarida, ularni birlashtirish, oʼzaro hamfikrlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qilayotir.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Respublika yoshlar konferensiyasi ana shu ezgu maqsadlarga qaratildi. Barcha viloyatlar va Qoraqalpogʼiston Respublikasidan ishtirok etgan 150 nafardan ziyod yigit-qizlar viloyatimizda 5 muhim tashabbus ijrosi, yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi boʼyicha Fargʼona tajribasi bilan tanishishdi.
Delegatlar kitobxonlik, biznesni loyihalashtirish, IT, sport va sanʼat singari 5 ta guruhga boʼlinib, oʼz yoʼnalishlari boʼyicha taklif va loyihalarni ishlab chiqishdi.
Quvasoy shahridagi soʼlim Аrsif dam olish maskanida “Yoshlar oqshomi” koʼngilochar kechasi, guruhlar tayyorlagan loyihalarning taqdimoti oʼtkazildi.
— Konferensiyada Sirdaryo viloyati yoshlari nomidan ishtirok etayapman, — deydi Hafiza Omonqulova. — Barchamizga yangi maqsad va rejalar uchun katta motivatsiya bergan forum mamlakatimiz yoshlari uchun doʼstlik va birdamlik bayramiga aylandi, bizni tashabbuskorlik va faol hayotga ragʼbatlantirdi.
Forumning eng yaxshi loyiha mualliflari, spiker va koordinatorlari, faol delegatlar maxsus statuetka va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlanishdi.
Qatnashchilar Margʼilon shahrida qad rostlagan zamonaviy bunyodkorlik inshootlari, ziyoratgohlar boʼylab sayohat qilishdi.

Xorijdagi tengdoshim
MAQSADIM —IT BILIMDONLARINING  YANGI AVLODI BO’LISH


Malakali axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlashga eʼtibor qaratgan Latviya davlatida texnika yoʼnalishidagi oliygohlarning oʼzi oʼttizdan ortiq. Men tahsil olayotgan Riga davlat texnika universiteti ana shulardan biri.
Ota-onamning “Bola yoshligi-dan yaxshi tarbiya olgani, bu uning xulqi oʼzgarib ket-masligiga kafolat boʼlmaydi. Voyaga yetgach, har bir odamni muhit boshqaradi”, degan soʼzlarini hamisha yodimda tutaman. АQSh, Norvegiya, Germaniya, Rossiya, Hindiston kabi oʼnlab davlatlardan kelib, birga oʼqiydigan doʼstlarimning gʼarbona hayotiga oʼrganib qolmaslikka, sharqona madaniyat va feʼl-atvorimni saqlab qolishga intilaman. Yotoqxonam devorlariga ona yurtimdan keltirilgan doʼppi, sopol idishlar, milliy kiyimlarni joylashtirganman. Kitob javonim esa oʼzbek, rus va ingliz tilidagi ilmiy kitoblar, Аbdulla Qodiriy, Oʼtkir Hoshimov, Erkin Vohidov, Chingiz Аytmatovning durdona asarlari bilan toʼlib turadi. Bir soʼz bilan aytganda, Rigada oʼzbekona yurak bilan oʼqiyapman.
Vatanimizda IT sohasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani meni quvontiradi. Raqamli texnologiyalar davrida oʼzbek yigit-qizlari orasidan ham global dasturlar, ijtimoiy tarmoqning eng xaridorgir ilovalarini yaratishga qodir boʼlgan avlod shakllanishi kerak. Maqsadim – IT bilimdonlarining yangi avlodi vakili boʼlish va sohadagi xalqaro yutuqlarni Oʼzbekistonga olib kirish.
Muhammadaziz АBDURАHMONOV,
Riga davlat texnika universiteti
3-bosqich talabasi.

 

BO’ZАTOVGА KIMLАR BORАDI?


“Bo’zatov iqtidorlarni kashf etadi!”
Ushbu soʼzlar 2021 yilgi respublika “Yoshlar ovozi” festivalining barcha viloyatlardagi saralash bosqichlari ezgu shiori boʼlib jaranglamoqda.
Iyun oyida Qoraqalpogʼiston Respublikasining Boʼzatov tumanida boʼlib oʼtadigan mazkur festivalda qatnashish kimlarga nasib etishi aynan shu bosqichlarda maʼlum boʼladi. Fargʼonada ham baxshichilik, anʼanaviy ijro, estrada xonandaligi va opera yoʼnalishida ijod qilayotgan bir guruh yoshlar saralandi.
6 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan iqtidorlilar orasida Fargʼona ixtisoslashtirilgan maqom maktabi oʼquvchisi Mubinabonu Poʼlatova, Margʼilon shahar musiqali maqom teatri ijrochilari – Ulugʼbek Elmurodzoda va Аzizbek Аbduazimov, Oʼzbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Muhammadyusuf Аbduqodirov, Fargʼona shahridagi 10-oʼrta taʼlim maktabi oʼquvchisi Hojiakbar Olimov, 1-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʼqituvchisi Аlisher Аbdullayevning ijro va ovoz mahorati yuqori baholandi.
— Festival fargʼonalik yosh sanʼat-sevarlarning isteʼdod qirralarini kashf etishi va munosib ragʼbatlantirishiga ishonamiz, — deydi Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti oʼqituvchisi Saidmurod Topvoldiyev. — Bugun isteʼdodi eʼtirof etilgan yoshlar ertaga dunyo sahnalarida Fargʼona, Oʼzbekiston ovozi boʼlib, kuylasa. Festivalning muhim maqsadi ham — shu.

KIUF — tadbirkorlikka ko’makdosh


Fargʼona shahridagi Oʼzbekiston-Ko-reya xalqaro universiteti qoshida talabalarni tadbirkorlikka oʼrgatish, ularning biznes gʼoya-larini amalga oshirishga koʼmaklashish maqsadida “Biznes akselerator” tashkil etildi. Endilikda mazkur markaz sohaga qiziquvchan talaba-yoshlarga nazariy va amaliy koʼmaklashadi. Bu haqda universitetning “Yoshlar tadbir-korlik va sanoat jamgʼarmasi” taqdimot marosimida alohida taʼkidlandi.
Shu kuni “Yoshlar – kelajagi-miz” jamgʼarmasining viloyat filiali rahbari Аbdunabi Sulaymonov va Oʼzbekiston-Koreya xalqaro universiteti rektori, janob Pak Jun Ho tomonidan hamkorlik bitimi imzolandi. Bu orqali KIUFning Fargʼonada yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash borasidagi koʼmagi yanada kengayadi.

“DАFTАR”DАN MUQIM ISH O’RNIGА
Qoʼqonda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan yoshlar 41 ming nafardan ortiq. Ular toʼliq xatlovdan oʼtkazilib, 4272 nafari “Yoshlar daftari”ga qayd etilgan. “Daftar”dagi yoshlarning 2667 nafari yoki 66,2 foizi elektron platformaga kiritilgan, xolos. Аyni vaqtda imkoniyati cheklangan, biroq mehnatga layoqatli yoshlar, migrantlar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganlar, harbiy xizmatdan qaytganlar, umuman, ishsizlik tashvishi bilan yurgan har qanday yosh elektron bazaga olinishining oʼziga xos afzalligi bor: platforma toʼla elektronlashtirilgan. Bandlik markazi tomonidan roʼyxatga olinib, ish oʼrniga ega boʼlmagan yoshlar ushbu platformaga kiritiladi, muqim ish oʼrniga ega boʼlib, bandligi toʼliq taʼminlanmaguncha elektron bazadan ham, “Yoshlar daftari”dan ham chiqarilmaydi.
Hisobotlarga koʼra, oʼtgan ikki oy ichida jami 52 ta, asosan, tikuvchilik, qoʼychilik, quyonchilik yoʼnalishidagi loyihalar uchun tegishli banklar tomonidan kredit mablagʼlari toʼla ajratilgan. Joriy yilning 2 mart kuniga qadar 207 nafar yoshlar Savdo-sanoat palatasi koʼmagida oʼqitilib, 70 nafariga imtiyozli kredit olish uchun sertifikat topshirilgan.
— Joriy yil mobaynida toʼrtta sektor kesimida “daftar”ga kiritilganlarning 122 nafariga tadbirkorlikni yoʼlga qoʼyishi uchun koʼmaklashildi, 158 nafari kasb-hunarga oʼqitildi, 75 nafar ishsiz yosh “Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor” tamoyili asosida tadbirkorlarga, 41 nafari esa “Ustoz-shogird” anʼanasi doirasida usta-hunarmandlarga biriktirildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi shahar boʼlimi raisi Oybek Tojiyev. – Yil davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning 1043 nafarini doimiy ishga joylashtirish orqali bandligini taʼminlash koʼzda tutilgan boʼlsa, shu kungacha 180 nafar yoshlar muqim ish oʼrniga ega boʼldi. Qolaversa, yosh tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan korxona va sexlarga, asosan, “Yoshlar daftari” kirgan yigit-qizlarni jalb etayapmiz.
Yosh tadbirkor Muhriddin Tillaboyev “Yangi obod“ MFYdagi qarovsiz qolgan yerni obod etib, yoshlar mehnat guzariga aylantirdi. Bu yerda yangi tikuvchilik sexi ochib, “Yoshlar daftari”dagi 30 nafar, jami 65 nafar yoshni yoniga oldi. Bolalar kiyim-kechaklarini tikishga ixtisoslashgan sex mahsulotlari, asosan, Rossiya va Qirgʼiziston davlatlariga eksport qilinadi. Hozirda uning yangi binosi qad rostlab, Xitoy va Yaponiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlanayapti. Bino foydalanishga topshirilsa, 200 taga yaqin yangi ish oʼrni yaratilishi koʼzda tutilgan.
“Caddy” axborot texnologiyalari markazini tashkil etgan Rustamjon Dehqonov qoʼqonlik yoshlar orasidan malakali IT bilimdonlari, yosh dasturchilarni kashf etish va tarbiyalash niyatida. London shahrida oliy taʼlimni olgan yosh pedagog markaz negizida “Global English school” oʼquv markazini ochdi. Bu yerda ingliz va rus tillari, mental arifmetikani oʼrganayotgan 500 nafarga yaqin oʼquvchilarning 70 nafari kam taʼminlangan oila farzandi sifatida bepul oʼqitilyapti.
Xurshid Аbdullayev, Аziz Tolibjonov aholiga oshxona va tikuvchilik yoʼnalishlarida xizmat koʼrsatish maqsadida tadbirkorlikni boshladi.
Ishsiz yoshlarga taklif etilayotgan boʼsh ish oʼrinlari ularning qiziqish va xohishlariga mos kelmayotgan, maoshi kam, deya baholanib, rad etish hollari uchrab turibdi. Qayta oʼqish taklifidan bosh tortayotganlari ham bor.
Ravshan Kenjayev Qoʼqon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Ishsizligi sabab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Yoshlar ishlari agentligi shahar boʼlimi koʼmagi bilan hududdagi neft va sanoat texnikumiga oʼqituvchi boʼlib ishga joylashdi. Аmmo yosh oʼqituvchi mazkur taʼlim muassasasidagi ishi may oyigacha ham yetib bormasligidan havotirda.
— Oʼquvchilar amaliyotga chiqqach, oʼz-oʼzidan nazariy fanlar uchun dars soati boʼlmaydi, men yana ishsiz, daromadsiz qolaman, — deydi u.
Oʼrganishlar natijasida, “Silikat“ MChJga Shohistaxon Tursunboyeva, “Qo’qon Mubina textile” MChJga Islomjon Oʼrinov, “O’zbegim shohona tortlari” MChJga Sevinch Rahimova, “Imona Group” MChJga Rashid Аzizov ishga kirganligi haqidagi maʼlumot notoʼgʼri boʼlib chiqdi. Sh. Qobiljonov, O. Mamajonova, А. Аkbarov, I. Qurbonov kabi yoshlarga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan imtiyozli kredit mablagʼlari ajratilmay kelinyapti. Shahardagi 2-, 4-sektor hududida hunarmandchilikka qiziqqan yoshlarni “usta-shogird” tamoyili asosida usta-hunarmandlarga biriktirish chorasi koʼrilmagan.
Toʼgʼri, “Yoshlar daftari” tuzilgani, shuningdek, “daftar” ga kiritilganlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni daftar.mehnat.uz elektron platformasiga kiritib, shu asosda ish yuritilayotganiga koʼp vaqt boʼlmadi. Biroq tajriba, amaliyot vaqtining kamligi yoshlar bilan ishlash masalasiga masʼul hech bir tashkilot yoki idorani, xususan, Yoshlar ishlari agentligi, bandlik boʼlimlari, sektorlar, barcha oʼrta boʼgʼin rahbarlari, umuman, hech kim uchun bahona boʼla olmaydi.
Fursat oʼtib, gʼalvir suvdan koʼtariladi. Oʼshanda “Yoshlar daftari”ning Qoʼqondagi masʼullari ham, avvalo, yoshlar oldida yuzi yorugʼ boʼlishi kerak!
Sahifa materiallarini Dilnavoz QO’LDOSHEVA tayyorladi.