Press-klub

Press-klub

YOSHLАR BILАN ISHLАSHNING YANGI TIZIMI

Farg‘onada Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi uchrashuvi o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi Doniyor Toshxoʼjayev, viloyat soliq boshqarmasi boshligʼi Shukrulloxon Nisbatxonov ishtirok etib, yoshlar vakillari bilan ochiq muloqot oʼtkazishdi.

Dastlab viloyat hokimi X. Bozorovning Fargʼonada yoshlarga eʼtibor, ularning bandligini taʼminlash, ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar, shuningdek, yoshlar bilan ishlashning yangi tizimini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar haqidagi fikr-mulohazalari tinglandi.

— Bugun yoshlarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar jadal tus oldi, — dedi viloyat rahbari. — Muhtaram Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chogʼida oldimizga yoshlarni ish bilan taʼminlash va ularning boʼsh vaqtini toʼgʼri tashkil etish vazifasini qoʼydilar. Bugungi kunda hududda 702 192 nafar yoshlar istiqomat qilishi va ular orasida doimiy ish oʼrniga ega boʼlmaganlari 81 mingdan ortiq ekanligi aniqlandi.

Yoshlar sanoat zonalari va yoshlar kooperatsiyalarining tashkil etilishi, dehqonchilik qilish uchun yer ajratilishi, avtobekatlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼyish istagidagi yoshlarga berilishi, 235 nafar talaba-yoshlarning 19 ta tuman-shahar hokimlariga biriktirilishi, viloyatda 1100 nafar oliy oʼquv yurti talabasi uchun shartnoma toʼlovlarining toʼlab berilishi, “har bir oila — tadbirkor” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, bularning barchasi Fargʼonada yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi shakllanayotganini koʼrsatadi.

Shundan soʼng yoshlar vakillarining savol, taklif va tashabbuslari, fikr-mulohazalari tinglandi.

Soʼz – press-klub ishtirokchilariga:

Otaxon XАYRULLАYEV,

“Avangard plast corp” MChJ rahbari:

— Sakkiz yil Xitoy davlatida yashadim, u yerdagi ishlab chiqarish, sanoat va savdo-sotiq tendensiyalarini kuzatib, tajriba toʼpladim. Vatanimga qaytgach, 40 oʼrinli biznes-atelyeni ishga tushirdim, Fargʼona kichik sanoat zonasida polietilen mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼydim.Barchasiga davlatimiz, xususan, viloyat hokimligining qoʼllab-quvvatlashi bilan erishdim.Endilikda issiqxonalar barpo etish uchun ishlatiladigan plyonka ishlab chiqarishni maqsad qilganman.U–eksportbop, chunki nafaqat Oʼzbekiston, balki barcha Markaziy Osiyo davlatlarida bunday mahsulotga ehtiyoj katta. Turkiya texnologiyalari asosida zamonaviy plyonka zavodi faoliyatini yoʼlga qoʼyish orqali yana 200 nafardan ziyod yangi ish oʼrni yaratish niyatidaman.

Muslimbek TOʼLАNOV,

viloyat Аxborot-kutubxona markazi sektor mudiri:

— Markazimiz tomonidan 2020- yilda fargʼonalik atoqli shoir va yozuvchilarga bagʼishlangan 11 ta elektron jamlanma yaratildi. Ushbu ezgu ishni yanada rivojlantirish maqsadida markaz qoshida media-markaz tashkil etilishi uchun viloyat hokimidan amaliy koʼmak soʼradim. Viloyatimiz rahbari tashabbusimni qoʼllab-quvvatlab, uning nafaqat zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlanishi, balki u yerda tayyorlangan media mahsulotlarni viloyatimizning barcha taʼlim muassasalari kutubxonalariga yetkazishni moliyalashtirishga ham koʼmak berishini aytdi.

Shoiraxon KАRIMOVА, “Shohon” nodavlat oʼquv markazi rahbari:

— Muhtaram Prezidentimiz-ning viloyatimizga bu galgi tashrifi chogʼida ular bilan muloqot qilish baxtiga erishdim. Yurtboshimiz ishonchi va eʼtiboridan kuch olib, oʼzim rahbarlik qilayotgan Buvayda tumanidagi “Shohon” oʼquv markazi faoliyatini yanada kengaytirish, koʼp tarmoqli biznes markaz tashkil etish maqsadini dilimga tugdim. Hozirda 32 nafar xotin-qizlar oʼquv markazimizda mehnat qilishadi. Hunarmandchilikning 10 ga yaqin turlari, sartaroshlik, pazandachilik, kanselyariya mollari savdosi va kompyuter xizmati koʼrsatish markazlari, atelye, kelinlik liboslari doʼkoni, mini market, shuningdek, psixologik maslahat xonalari, kitob doʼkoni faoliyat olib borishi koʼzda tutilgan yangi markazimizda yana 50 nafarga yaqin ayollar ish bilan taʼminlanadi.

Press-klub fargʼonalik yoshlarning salohiyati, faol hayotga intiluvchanligi, ilm va ijod, ayniqsa, tadbirkorlikka boʼlgan ishtiyoqi katta ekanligini koʼrsatdi.

 

Suratni

  1. OLIMOV olgan.