Mavzuga qaytib

АVTOBEKАTLАR TАQDIRI NIMА BO‘LDI?

Yodingizda bo‘lsa, gazetamizning 2021-yil15-yanvar sonida “Аvtobekatlar yosh tadbirkorlarga beriladi” sarlavhali maqola chop etilib, viloyati-mizning barcha tuman-shaharlaridagi bo‘sh va qarovsiz turgan avtobekatlar yosh tadbirkorlarga berilishi bayon etilgan edi.

“Aqlli bekat” qurish istagida boʼlgan tashabbuskor yoshlar roʼyxati shakllantirilgan, hududlardagi avtobekatlarni birma-bir xatlovdan oʼtkazish jarayoni maʼlum bir muddat talab qilgan.Biroq, quvonchli yangilik uzoq kutilmadi. Kuni kecha viloyat hokimligi tomonidan barcha tuman-shaharlardagi foydalanilmayotgan avtobekatlarni qurish va taʼmirlash, ularni “aqlli bekat”larga aylantirish uchun tashabbuskor tadbirkor yoshlarga berishning manzilli dasturi tasdiqlandi. Unga koʼra, 402 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼyish uchun beriladigan boʼldi.

Fargʼona shahri Ahmad al-Fargʼoniy koʼchasidagi  mini market aynan avtobekat oʼrnida faoliyat koʼrsatadi. Uning yonida shinam oʼrindiqli kutish joyi mavjud. Yosh tadbirkor Rahmatillo Rahmonov yana ikki nafar tengdoshi bilan aholiga savdo va mayda toʼlovlarni elektron amalga oshirish xizmatini koʼrsatadi.

Murabbiylar koʼchasida qad rostlagan “Shohona burger” markazi ham eski avtobekatni rekonstruksiya qilish orqali tashkil etilgan. Komiljon Sayfulinning saʼy-harakatlari bilan markazda nafaqat fast-fud tayyorlash va yetkazib berish xizmati, shuningdek, moʼjaz ovqatlanish joyi, mini market, kitob doʼkoni va albatta, zamonaviy kutish joyi barpo etildi. Mazkur “aqlli bekat”da 6 nafar yosh ish bilan band.

Yosh tadbirkor Eldor Аxunjonov esa Burhoniddin Margʼinoniy koʼchasida joylashgan avtobekatni oʼzi rahbarlik qiladigan “Fayz building” MChJning kichik ofisiga aylantirdi.

Bugun “aqlli bekat” bunyod etish istagini bildirib, tashabbusi qoʼllab-quvvatlangan yozyovonlik Otabek Oʼrinboyev, furqatlik Sardor Qulfiddinov, toshloqlik Аrofatxon Soliyeva, soʼxlik Аvror Sunnonov, dangʼaralik Mirzohid Egamberdiyev singari 402 nafar yosh ertaga 2 nafar tengdoshini yoniga olib, birgalikda faoliyat yuritsa, minglab yoshlar daromad manbaiga ega boʼladi, degani. Bu esa viloyatda yoshlarni ish bilan taʼminlashning amaliy ifodasi, albatta.