Ma‘naviyat yolqini KITOBLАRIM-XАZINАM

Ma‘naviyat yolqini  KITOBLАRIM-XАZINАM

Kitob o‘qishga juda qiziqaman. Аyniqsa, darsdan bo‘sh paytlarimda Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘tkir Hoshimov asarlarini mutolaa qilib, ulardan o‘zimga ma‘naviy ozuqa olaman. O‘tgan yili karantin vaqtida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinni egalladim. Tanlov tashkilotchilari sovg‘a sifatida bir qancha kitoblar hadya qilishdi. Men bundan juda quvondim.

Uyimizda shaxsiy kutubxonam bor. Аtoqli adiblarning asarlarini oʼqish bilan birgalikda ingliz tilini ham oʼrganaman. Kutubxonamdan ingliz adiblarining ham asarlari joy olgan.

Tugʼilgan kun va bayramlarda yaqinlarim yangi nashrdan chiqqan kitoblarni hadya qilishadi. Sinfimizdagi kitobsevar doʼstlarim ham oʼqib, bahramand boʼlishmoqda. Dugonalarim Xumora Baxtiyorova hamda Marjona Muxtorovalar bilan oʼqigan asarlarimiz va undagi qahramonlar toʼgʼrisida bahslashib, boʼsh vaqtlarimizni mazmunli oʼtkazamiz.

Menga eng yoqadigan ki-tob — bu Oʼtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari. Chunki bu asar biz uchun muqaddas sanalgan onalar haqidadir.

Kelajakda tarjimon boʼlmoqchiman. Bunga esa koʼp oʼqishim va tillarni mukammal bilishim kerakligi haqida ustozlarim koʼp bora aytishadi.

Teleekran orqali viloyatimiz hokimi Xayrullo Bozorovning Hazrat Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʼishlangan tadbirdagi nutqini eshitdim. “Xamsa ” asari har bir xonadon va taʼlim maskanida boʼlishi kerakligini aytib oʼtdilar. Endi shaxsiy kutubxonamdan aynan shu asar ham joy oladi.

Hurmatli tengdoshlarim! Boʼsh vaqtimizni qiziqarli kitoblar mutolaasiga sarflaylik.  Kitob oʼqigan odam kelajakda insonlarga nafi tegadigan yetuk kadr boʼladi.

Diyora FOZILOVА,

Fargʼona tumani 53-oʼrta taʼlim maktabi oʼquvchisi.

 

(Sahifani Dilnavoz Qo‘ldosheva tayyorladi).